Tarix

Turkiston o’lkasida aloqa sohasining  rivojlanish tarixi (qisqacha)

Pochta

Avvalgi o’tgan  davrlarda mamlakatlar, shaharlar bilan o’zaro  aloqalar o’rnatish, xabar va axborotlar almashish va tarqatish ishlarini  amalga oshirish masalalari chuqur tarixga ega.

Qadimdan xabar almashuvining xar hil turlari bo’lib, jumladan, ovozli ya`ni nog’ora sadolari, olovli, tutunli, yoruqlik nurlaridan foydalanish, kabutarlar yordamida xabar almashish hamda karvonlar orqali estafeta usuli  bilan kerakli ishlar tashkil etilgan.

O’tgan asrlarda davlatlar, shaharlar va zarur joylar bilan aloqa o’rnatish, axborot almashish, xabar yuborish, o’zaro muloqot ishlarini  tashkil etish Buyuk Ipak Yo’li orqali amalga oshirilganligi haqidagi ma`lumotlar  Arastuning qadimiy qo’lyozmalarida o’z ifodasini topgan.

Qadimda choparlar yordamida Buyuk Ipak Yo’li orqali axborot almashish ishlari yo’lga qo’yilgan. Ushbu karvon yo’li bo’ylab, xar 15-20 kilometr oraliqda  alohida pochta stansiyalari (rovotlar)  bo’lib, ushbu stansiyalar maxsus xarbiylar tomonidan  qo’riqlangan. Maxsus choparlik xizmatini o’tovchilar xonlikning maxsus  kumush yoki bronzadan yasalgan  3-6 santimetrli, egalari nomi  ko’rsatilgan tamg’alar bilan ta`minlangan. Mazkur tamg’alar choparlarga karvon yo’llari va belgilangan yo’nalishlarda erkin harakatlanishlari, xonlik pistirmalaridan  bemalol o’tish, pochta  stansiyalarida ovqatlanish, otlarni almashtirish, dam olish va o’zidagi  barcha axborotlarni keyingi choparga uzatish imkoniyatlarini bergan.

Mo’g’ul-Tatar hukmronligi davrida qo’llanilgan ushbu estafeta orqali axborot almashish ishlari qulay, ishonchli va sifatli bo’lganligi sababli, uzoq muddatlargacha, ya`ni Temuriylar davridan to XIX asrgacha qo’llanib kelingan hamda ushbu  yo’nalish pochta xizmatining rivojlanishiga asos bo’lgan. Stendga qo’yilgan xaritada XVII asr boshida Imomqulixon zamonida davlatlar chegaralarining bo’linishi ko’rsatib berilgan.  Xiva, Qo’qon Xonliklari va Buxoro Amirligi hamda chegaradosh bo’lgan davlatlar bilan Buyuk Ipak yo’li orqali axborot va ma`lumotlarni yuborish hamda tijorat ishlari  amalga  oshirilgan yo’nalishlar ko’rsatilgan.

O’rta davrlarda, shu jumladan, XVIII asrga kelib,  pochta jo’natmalari ot arava yoki piyodalar bilan  ayrim holatlarda esa  savdo karvonlari orqali yetkazib berilgan.

O’tgan davrlardagi oddiy aholi qatlami bir –birlari bilan faqat og’zaki xabar almashib turganlar.

XIX asr oxirlariga kelib, O’rta Osiyoda yozma yoki og’zaki ma`lumotlarni yuborish juda qiyin ahvolda bo’lib, qo’llanilayotgan imkoniyat  va choralarga moslashish ham  juda murakkab edi. Pullik xizmatning asosini yozma jo’natmalar va ularni joylarga yetkazish tashkil etardi.

Aholiga xizmat ko’rsatadigan maxsus aloqa korxonalari, pochta xizmati uchun mo’ljallangan  pochta qutilari  ish hajmining juda kamligi sababli ochilmagan. Pochta almashinuvi asosan hukumat korrespondensiyalarini  yetkazib berish  bo’yicha ishlarni amalga oshirilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida  O’rta Osiyoni Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi, Turkiston general-gubernatorligi va Turkiston xarbiy okrugining tashkil etilishi, ushbu hududlarning taraqqiyot  yo’lini ochib berdi, iqtisod va ma`lumotlar almashish ishlari hamda elektr aloqa sohasining rivojlanishiga asos bo’ldi.

Turkistonda iqtisodiy munosabatlari bilan ajralib turgan aholi yashash punktlari bilan shaharlari o’rtasida yangi pochta traktlari qurildi. Pochta aloqa tarmog’i asosan shaharlarni qamrab oldi, shaharlarda pochta qutilari o’rnatildi, lekin qishloq joylarida pochta xizmatlari deyarli yo’q edi. Viloyatlardagi ayrim joylari gubernatorlar pochtasidan foydalanmaslik maqsadida, viloyat idoralari bilan pochta korrespondensiyalarini almashib turish maqsadida o’zlarining pochta bo’limlarini ochishga majbur bo’ldilar. Pochta xizmatlarini ko’rsatish juda past darajada edi: korespondensiya juda kech muddatlarda egalariga yetkazib berilgan, yetqazish yo’llari orqali  yurishda ko’p  qiyinchiliklar mavjud edi. Shuning uchun pochtani joylarga yetkazish maqsadida asosan otli, tuyali aravalardan foydalanilgan.

Aravalar orqali yuborilayotgan korrespondensiyalarning maxsusligi, muhimligi va qiymatiga qarab, 2 tadan 10 tagacha qurollangan soqchilar   aravalarni qo’riqlab borishgan. Bu xizmat turi bilan 1865 yildan 1888 yilgacha pochta aloqa xizmatlari ko’rsatilgan.

O’zbekiston hududida, 1888 yildan boshlab, pochta aloqasi temir yo’l transporti orqali amalga oshirilgan.

Telegraf va telefon aloqasi

Pochta aloqa xizmati  rivojlana boshlagan  bir vaqtlarda bosqichma-bosqich telegraf aloqasi ham rivojlana boshladi.

1873 yil iyun oyida Turkistonda Toshkent- Orenburg yo’nalishi bo’yicha birinchi xalqaro telegraf aloqasi ishga tushirildi. 1876 yilda Turkistonning katta shaharlaridan: Samarqandda, Yangi Marg’ilonda, Katta –Qo’rg’onda telegraf aloqasi tashkil etildi. 1884-1900 yillarda Buxoro amirligi va Xiva xonliklarida ham telegraf liniyalari ochildi. 1901 yilda Qo’qon-Andijon, Namangan-Chust shaharlari o’rtasida telegraf aloqa liniyalari ishga tushirildi.

Telegraf aloqasi rivojlanayotgan bir vaqtda aloqa uskunalarini o’rtanish imkoniyatiga ega bo’lmagan tog’liklarda hamda bir-birlari bilan kesishgan vodiylarda aloqaning boshqa turidan-geliografik  aloqadan foydalanish imkoniyatlari ochildi.

Mazkur aloqa xizmati  faqat bir-birini to’g’ridan-to’g’ri ko’rish imkoniyatlari bo’lgan vaqtlarda, ya`ni  bahor-yoz oylarida qo’llanilgan. Chunki shu  aloqa xizmatini tashkil etish uchun kunduz kunlari quyosh nuridan, kechalari esa ochiq alanga yoki oyning yoruqlik nurlaridan foydalanilgan. Morze telegraf alfavitiga monand bo’lgan yoruqlik dastasi  60 vyorst masofagacha bo’lgan maxsus aylanma uskunasiga o’rnatilgan oynalar yoki oynaga tushyotgan tasvirlar orqali yuborilgan.

Turkistonda  iqtisodning sezilarli  o’sishi,  shaharlarda sanoat, bank-moliyaviy tashkilotlari, tijorat korxonalari faoliyat ko’rsata boshlashi  o’lkada  shahar va shaharlararo telefon aloqasining asta-sekin rivojlanishiga  katta asos  bo’ldi.

1887 yilda Okrug boshlig’i xonadoni bilan Toshkent pochta-telegraf idorasi o’rtasida telefon aloqasi tashkil etildi.

1891 yil iyulda Turkiston pochta-telegraf okrugi boshlig’i bilan Turkiston general-gubernatori o’rtasida g’aznadagi mablag’lar hisobidan  Toshkent telefon tarmog’ini tashkil etish bo’yicha muzokaralar bo’lib o’tdi  va 1891 yilda Toshkent shahrida umumiy foydalanish imkoniyatlarini  beruvchi telefon tarmog’i tashkil etildi. Shu tufayli, 1901 yilga kelib, Toshkentda telefon  aloqasi xizmatidan foydalanuvchilar soni  55 nafarga etdi.

1904 yil 7 sentabrda 200 raqamli “Simens va Galske” tizimidagi  birinchi qo’l bilan boshqariladigan telefon stansiyasini ekspluatatsiyaga qabul qilish  bo’yicha kerakli hujjatlar imzolandi.

1904 yilga kelib, Toshkent shahrida birinchi davlat telefon stansiyasi ishga tushirildi.

Toshkent shahridan keyin shunday telefon stansiya Samarqand shahrida qurildi.

1907 yilda esa  telefon tarmog’ida va telefon apparatlarda  bo’layotgan nosozliklarni bartaraf etish uchun Toshkent shahrida shaxsiy telefon ustaxonasi ochildi.

1895 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxonning topshirig’iga ko’ra,  Xiva shahrida birinchi shaxsiy telefon stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu qo’l bilan boshqariladigan stansiya 20 nomerli bo’lib, mahalliy batareyali, “Eriksson” Shved firmasi  tomonidan ishlab chiqilgan edi. 1917 yilga kelib, Xiva shahrida  100 ga yaqin telefon  nomerlaridan foydalanish  imkoniyatlari ochildi.

1901 yil 26 iyulda  Turkiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan xususiy tadbirkorlarga shahar telefon stansiyalarini qurish, ishga tushirish va  ekspluatatsiya qilish huquqi berish  haqidagi farmoyishi imzolandi. 

1911 yilda  Turkistonda  hammasi bo’lib  85 ta aloqa  korxonalari bo’lgan. Bitta korxona xizmatidan foydalanishning o’rtacha zichligi aholi soni 58 ming bo’lgan vaqtda 17,6ming kv.verstani tashkil etgan.

Toshkent shahar telefon tarmog’idagi abonentlar soni 708 taga yetib, undan 54 tasi shaharning eski qismiga to’g’ri kelardi. Shuningdek, 4 ta telefon-avtomat: Temir yo’l vokzali, Toshkent tovar stansiyasi, Voskresensk bozori va shahar boshqarmasiga qo’yildi.

1914 yilga kelib, Toshkentda  942 abonent va 5 telefon-avtomat bo’lib, telefon-avtomatlar yuqorida ko’rsatilgan joylardan tashqari, Tovar idorasiga ham o’rnatildi. 1915 yilda shahar eski chegarasini telefon aloqasi bilan  ta`minlash maqsadidada 60    nomerli  qo’shimcha telefon stansiyasi qurildi.

XX asr birinchi yarmiga kelib, telegraf  aloqasi  xizmatini ko’rsatayotgan  korxonalar  aholi tomonidan tushayotgan  oddiy buyurtmalarni ham bajara olmay qoldilar. O’sha davrda o’lkaning har bir aholisiga o’rta hisobda 0,25 ta telegramma to’g’ri kelib, ushbu ko’rsatgichni  Markaziy yevropa  regionlaridagi ko’rsatgichlar  bilan taqqoslaganda, ancha miqdorda kam edi.

Katta hududlar, jumladan, Qoraqalpog’iston, Qashqadaryo, Surxandaryoda yashayotgan  aholi telefon aloqasi  xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega emas edi

1917 yil boshlarida 10 ta  ishlayotgan telefon stansiyalaridan 9 tasi xususiy shaxslarga tegishli bo’lib, ular  asosan aloqa xizmatlaridan  tijorat ishlarini olib borishda foydalanishgan.

O’rtacha hisobda, bitta telefon aloqa stansiyasi  6400 kv.km maydonda istiqomat qilayotgan 150 minggacha bo’lgan aholiga xizmat ko’rsata olgan.

 1917 yilda Turkiston Respublikasi Pochta  va Telegraf Xalq Komissariati (Narkompochtel) tashkil etildi va ushbu  Komissariatga aloqa korxonalari xizmatlaridan unumli va samarali foydalanish ishlarini tashkil etish, pochta, telegraf, radio, telefon aloqasi xizmatlari hamda  boshqa turdagi barcha aloqa inshootlarini qurish va ekspluatasiya qilish jatumanlarini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

Dunyoda ro’y berayotgan  bosqinchilik va fuqarolik urushi aloqa  sohasidagi  vositalarga ham  katta zarar keltirdi. 1918 yil yoz oyida  bir necha ming kilometr masofadagi hamma telegraf liniyalari ishdan chiqdi, bir qancha pochta-telegraf korxonalarida o’g’irliklar sodir etildi. Natijada, Turkistondagi 22 ta shahari bilan aloqa qilib kelayotgan Toshkent telegraf idorasi  1919 yil o’rtalariga kelib, faqat 6 ta shahar bilan aloqa qila  oldi.

1925 yilda  respublikada  hammasi bo’lib 51 ta aloqa korxonasi faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsa,  1926 yilda ularning soni 250 taga, 1927 yilda esa 392 taga yetkazildi.

O’zbekistonda shaharlararo telefon aloqasi xizmatlari 1924 yildan boshlanib, o’sha vaqtda  Toshkent va Samarqand shaharlari o’rtasida birinchi havo aloqa  liniyasi  ishga tushirildi.Telefonlashtirish sohasida bo’layotgan sezilarli va ahamiyatli o’zgarishlar, muvaffiqiyatlar 1926 yilda Toshkent-Samarqand, Samarqand-Dog’bit-Kattako’rg’on oralig’idagi aloqa liniyalarining  ekspluatatsiyaga qabul qilish hamda shaharlararo simlar va shahar telefon tarmog’iga o’rnatilgan  uskunalarni, aloqa vositalari va telefon simlarini joriy ta`minlash bo’yicha olib borilayotgan ishlar natijasida bo’ldi.

1930 yilda Toshkent-Andijon  shaharlari o’rtasida bimetall zanjir bilan shaharlararo  aloqa xizmati  tashkil etilib, mazkur liniyalar orqali Toshkent shahrini  Qo’qon va Farg’ona shaharlari bilan ham  aloqa o’rnatishi  yo’lga qo’yildi. Shundek, Toshkent shahri bitta kanal orqali Samarqand shahri bilan shaharlararo so’zlashuv imkoniyatiga, Andijon, Farg’ona va Qo’qon shaharlari bilan esa jadval asosida aloqa qilish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bundan tashqari, Toshkentning o’ziga yaqin Pskent, To’y-tepa, Oqqo’rg’on, Oronikidze (Qibray) tumanlari bilan aloqa o’rnatishi bo’yicha  ham kerakli ishlar  olib borildi.

Shular bilan bir qatorda, telegraf aloqasini yanada takomillashtirish  maqsadida  malum ishlar  amalga oshirildi.

1929 yilga kelib, telegraf liniyalarini qurish  uchun 41600 dona ustunga buyurtma berildi va Moskva-Toshkent yo’nalishi bo’yicha  bronza telegraf magistrali  qurilishi boshlandi. Shuningdek, Samarqand-Buxoro, Buxoro-Chorju yo’nalishini xrom-bronzali zanjir bilan, Qo’qon-Xovost, Samarqand-G’uzor,Termiz-Jarqo’rg’on, Qovunchi-Mirzacho’l, Yangi qo’rgon-Jizzax, Dushanbe-Termiz va h.k.z shaharlari bilan esa po’lat zanjirlar orqali  shaharlararo aloqa o’rnatish uchun zarur ishlar amalga oshirildi.

1930-1931 yillarda Pastarg’om, Norpoy, Bulung’ur, Angren, Xatirchi, Buvayda, Mang’it va boshqa tuman markazlari bilan aloqa o’rnatish maqsadida, havo telefon- telegraf liniyalari qurildi. Umuman  olganda, aloqa sohasida simlardan  foydalanish miqdori 24% ga,  kabellardan  foydalanish esa 65% oshdi.

Shahar telefon tarmog’ining keskin rivojlanishi qo’l bilan boshqariladigan telefon stansiyalarni avtomatik telefon stansiyalarga almashtirish zaruratini  ko’rsatdi. Shuning uchun avtomatik telefon stansiyalarini (ATS) qurish va ularni ekspluatatsiyaga topshirish jatumanida  ratsional tizimli ATS larni tanlash eng  muhim masalalardan biri edi. Tanlov yakuniga ko’ra, 1932 yil 8 sentabr kuni Toshkent shahrida  5000 nomerli ”L.M.Eriksson” nomli shved firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan va mashina tizimi bilan ishlaydigan birinchi avtomatik telefon stansiya -ATS-3 ishga tushirildi. Ushbu avtomatik telefon  stansiya deyarli 30 yil davomida Toshkentda  yakka ATS timsolida ishladi va  keyinchalik davr talabiga muvofiq,  uning  umumiy sig’imi 10 000 nomergacha yetkazildi.

Shu bilan bir qatorda, 1932 yilda Moskva-Toshkent yo’nalishi bo’yicha shaharlararo magistral liniyasining qurilishi boshlanib,  ushbu ishlar 1939 yilga borib  yakunlandi.

  Ko’rilayotgan chora-tadbirlar natijasida, O’zbekistonda aloqa sohasining jadal  rivojlanishiga erishildi.

 1936 yilga kelib, shaharlarda 227 ta yangi pochta aloqa bo’limlari va qishloq joylarida 40 ta agentlik bo’limlari ochildi. Natijada,  Respublikada 471 ta pochta bo’limlari ishlay boshladi. Qishloqda ishlayotgan  pochtalonlar velosipedlar bilan ta`minlandi. 1936 yilda Respublikaning aloqa sohalaridagi  o’sish koeffitsenti 11% ni tashkil etdi.

Telefon tarmoqlarida  ham  abonentlarga xizmat ko’rsatish sifati ancha yaxshilandi.

1936 yilga  1 yanvar holatiga ko’ra, telefon aloqasining  texnik ko’rsatgichlari: texnik sabablarga  ko’ra to’xtash koeffitsienti, aloqa tizimda bo’layotgan uzilishlar 1932 yilga nisbatan ikki barobarga kamaydi hamda aloqa vositalari bilan ta`minlangan  shahar va tuman  markazlarini  Toshkent shahri bilan uzluksiz aloqa qila olish imkoniyatlariga erishildi.

Umuman 1934 yilda  respublikada 109 ta  aloqa korxona  va idoralari  bo’lib, organ xodimlariga  4 ta va o’ndan ortiq telefonlar  o’rnatilgandi.

1934 yilda Toshkentda aholining zich joylashganligini inobatga olgan holda, telefon aloqa tarmog’ini  10000 nomergacha kengaytirish qarori qabul qilindi va  Toshkent ATS ni to’liq o’zini-o’zi boshqarish (Xozraschet) hisobiga o’tkazish  taklifi berildi.

1935 yilda tuman markazlari bilan  40%  qishloq kengashlari (selsovet),  50%  sovxozlar  va 81,2%  mashina-traktor stansiyalari telefon aloqasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Aloqachilar shu kabi  jamoalarni to’liq telefon aloqasi bilan ta`minlash uchun barcha kerakli  chora-tadbirlarni ko’rishdi va 20 ta tuman markazlarida  yangi telefon stansiyalari qurildi.

Shu bilan bir qatorda, shaharlararo telefon aloqasini rivojlantirishga ham kerakli e`tibor qaratila boshlandi. Respublikadagi 17 ta shaharlararo telefon stansiyasi, 70 ta so’zlashuv punktlari ekspluatatsiyaga qabul qilindi.

 Telegraf  aloqasi  bo’yicha olib borilayotgan tinimsiz  ishlar natijasida, ushbu sohaning sifat ko’rsatgichlari ham yaxshi tomonga o’zgara boshladi.

Toshkent Markaziy Telegrafida telegrammalarni tezroq joylarga yetkazish,  ish jatumanida yo’l qo’yilayotgan  kamchiliklarni bartaraf etish hamda  nuqsonlarni kamaytirish bo’yicha ishlar olib borildi. Telegraf aloqasi Respublikaning Toshkent shahridan  boshqa shaharlarida ham rivojlana boshladi.

1935 yilda Shaharlararo Telefon Stansiyasi  (MTS) Markaziy Telegraf  tassarufidan chiqarilib,  unga mustaqil korxona maqomi berildi.

1937 yilda O’zbekiston  aloqa boshqarmasi O’zSSR ning Xalk Komissariati  Ittifoqining  vakolatli Aloqa Xalq Komissariati boshqarmasiga aylantirildi.

1946 yilning martidan boshlab, Aloqa Xalq Komissariati boshqarmasi  Respublikalar  Ittifoqi  Aloqa vazirligining  (Ministerstvo svyazi SSSR)  O’zbekistondagi  vakolat boshqarmasi sifatida ishlay boshladi.

1991 yilda O’zbekiston Respublikasi Mustaqillikga erishganidan so’ng, 1997 yilda O’zbekiston aloqa vazirligi O’zbekiston pochta va telekominikatsiyalar agentligiga aylantirildi. 2002 yilda esa O’zbekiston pochta va telekominikatsiyalar agentligi O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi etib qayta tashkil etildi.

Mamlakatimizdagi  xalq xo’jaligi  va aholining pochta,telegraf va telefon aloqasi xizmatlariga bo’layotgan  talab va ehtiyojlarini to’liq  va  sifatli ta`minlanishida  ushbu sohalar bo’yicha bo’layotgan rivojlanish va ijobiy  o’zgarishlar katta ahamiyatga ega bo’ldi.

Radio eshittirish

Birinchi radio ixtiro qilingan yil deb 1895 yilni  etirof etishgan. Jahonda 1895 yil 7 mayda birinchi marotaba Aleksandr Stepanovich Popov tomonidan uchqunlik radiouzatgich ixtiro qilib, u  o’z laboratoriyasida radiosignallarni masofalarga  simsiz uzatish ishlarini namoyish qilgan.

1902 yilda Rossiya Pochta va Telegraf Boshqarmasi Angliya “Markoni” radiotexnika  firmasi bilan hamkorlikda tijorat radiostansiyalarini qurish, xalqaro konvensiyalarga barcha davlatlardagi ochiq dengizlarda harakatlanayotgan dengiz kemalarni dengiz  qirg’oqlari  bilan aloqa qilish imkoniyatlari bilan ta`minlashga chaqirdi.

1912 yilda umumiy foydalanish imkoniyatiga ega bo’lgan va Rossiya janubidagi dengiz kemalarni Aleksandrovsk-Petrovsk portlari bilan bog’lovchi radiotelegraf liniyalari ishga tushirildi, natijada dengiz kemalarini Kaspiy dengizining   o’ng va chap qirg’oqlari  bilan aloqa o’rnatish bo’yicha  imkoniyatlar yaratildi.

Ushbu punktlarda 300 kilometr uzunlik oralig’ida harakatlanadigan 1-kvtli uzatgichlar (peredatchik) o’rnatildi. Xuddi shu yo’nalishlar Turkistonda ham radioaloqalarning rivojlanishiga asos bo’ldi. Aynan shu 1912 yilda  “Kushka” qo’rg’onida uchqunli janubiy xorijiy  radiostansiya ishga tushirildi.

1915 yilda O’rta Osiyoda birinchi marotaba  Toshkentda katta quvvatli, uchqunli, qabul qilish –uzatish radiostansiyasi qurilib, ishga tushirildi. Katta elektromagnit bilan uchqunli razryad bo’lishi ta`minlandi. Uning quvvat bazasi akkumulyator batareyasi va ikkita 160 kvtli dizel generatordan iborat edi. Qalin simlar tizimi bilan nurli  antennalar orqali o’rnatilgan oltita  90 metrli metall machta 1914 yili  “Simens- Galske” nomidagi nemis firmasi tomonidan loyihalangan va qurilgan edi. Radiostansiyani qurish uchun kerak bo’ladigan 60 gektarli  yer maydoni temir yo’l vokzalidan uzoq bo’lmagan, shahar chegaraga yaqin  bo’lgan joydan tanlandi. Bu radiostansiyani qo’riqlash va xizmat ko’rsatish vazifasi radiostansiyadan uzoq bo’lmagan xarbiy polkning  xazinachisiga yuklandi.  Birinchi  radiogramma 1914 yilda Moskva–Toshkent–yo’nalishi bo’yicha harakatlanayotgan poyezd haqida edi.

Fuqarolik urushi va xarbiy bosib olishlar  sababli, Turkiston Respublikasida apparat boshqaruvlari markazlashtirildi. Mahalliy aloqachilarga yordam ko’rsatish uchun 1920 yilda  Moskvadan  Narkompochtel vakili 5 nafar radiotelegrafist, 2 nafar elektrotexnik hamda 10 ta radio-uskunalar bilan Turkistonga yuborildi. Apparatlar Samarqand, Xiva, Skobelev (Marg’ilon), Farg’ona, Krasnovodsk  shaharlariga o’rnatilib, ular orqali hududlar hamda Rossiya Federatsiyasining boshqa shaharlari bilan mustaxkam aloqa qilish imkoniyatlari yaratildi.

Fuqarolik urushi davrida Ittifoq Hukumatining topshirig’iga binoan, shoshilinch ravishda Ittifoqni Moskva shahri, Povoljya tumanlari hamda Kaspiy dengizi va ular orqali Baku va Turkistonga radioaloqa liniyalari o’rnatildi. 1919 yil dekabr oyidan boshlab, Xodinsk  shahridagi (Moskva viloyati) radiostansiya efirga Rossiya telegraf agentligining yangiliklarini bera boshladi. Toshkentdan esa javob telegrammasi “Ovoz tiniq, baland, hatto telefon membranasiga urayapti” degan mazmundagi matn yuborildi.

O’zbekistonda 1924 yildan boshlab, radioaloqa tezlik bilan rivojlana boshladi va qisqa muddatlarda  keng qamrovlarga ega  bo’lishiga erishildi. 1925 yildan boshlab, radiostansiyalarda tajribali sinov ishlari olib borildi. Lekin O’zbekiston SSRda  radioeshittirishlarning tashkil etilgan yoki “tug’ilgan kuni” deb 11 fevral 1927 yil belgilandi, chunki o’sha kuni yangi Toshkent radiostansiyasining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tgan edi.

Respublika miqyosida eng ahamiyatli voqealardan yana biri, 1929 yil sentabr oyida Toshkent shahrida  ochilgan Toshkent radiomarkazi bo’lib, bu markazning ochilishi respublikada radioeshittirish ishlarini  rivojlanishiga katta  asos bo’ldi.

Respublikada berilayotgan radioeshittirishlar juda katta  ko’lamdagi  aholiga tasir ko’rsatayotgani, 1931 yilda Toshkentda O’rta Osiyo Radioeshittirish Qo’mitasini tashkil etilishiga asos bo’ldi. Keyinchalik ushbu  Qo’mita  O’zbek Davlat Radiokomitetiga aylantirildi. 1932 yil 1 dekabr holatiga ko’ra, respublikadagi radionuqtalarning soni 1900 ta bo’lib, jumladan klub va choyxonalarda -176 ta, kolxoz, sovxozlarda va mashina-traktor stansiyalarida 583 ta, maktablarda- 15 ta tashkil etdi. Shuningdek, 655 ta shaxsiy  radionuqtalar qo’yildi. 

Shunday qilib, radio – madaniyatning eng muhim elementlari safiga kirib bordi.

1932 yilning oxiriga kelib, respublikada 5 ta qabul qilish va uzatish radiostansiyalari (Toshkent, Samarqand, Xiva, Termiz, Yangi Buxoro)  62,65 kvtli  to’qqizta uzatish moslamalari bilan ishga tushirildi.

1934 yilga kelib, respublika aholisi xar kuni 7,5 soat ichida  musiqali (49,3%), adabiy-dramatik (4,4 %), bolalar uchun (26%), o’quv-ta`limiy (6.6%), axborot (13,7%) ruknidagi eshittirishlarni eshitish imkoniyatlariga ega bo’ldilar.

Qishloq joylarida ham aloqa sohasi  keng ko’lamda rivojlana boshladi.  Shuningdek, mazkur yilda  Toshkent-Stalinobod (Dushanbe), Toshkent-Frunze (Bishkek) yo’nalishlari bo’yicha radiotelefon aloqasi ekspluatatsiyaga topshirildi.

1935 yilda Durmen aholi punktida 30 ta qisqa to’lqinli qabul qilish antennalari  bilan ta`minlangan,  60 gektar yerni egallagan, 2-sonli qabul qilish radiostansiyasi  ishga tushirildi. Shuningdek, Yalang’och aholi punkitida 15 ta antenna bilan jihozlangan 16 gektarli yerga joylashtirilgan  4-chi  sonli radiostansiya ekspluatatsiyaga qabul qilindi. Qabul qilish radiostansiyalarining ishga tushirilishi  bilan bir qatorda, ushbu yilda Yunusobod mavzesida 5-sonli uzatish radiostansiyasi qurildi. Bu radiostansiya 41 gektarli yerga joylashgan bo’lib, unga 16 ta  qisqa to’lqinli qabul qilish antennalari va 11 dona 5 dan 20 kvt quvvatgacha bo’lgan  uzatish antennalari joylashtirildi. Natijada, barcha ittifoqlardagi davlatlar poytaxtlari bilan aloqa bog’lash uchun radioaloqa kanallari tashkil etildi.

Aholiga ko’rsatilayotgan radio xizmatlar sifatini yaxshilash uchun  1936 yil yanvar oyida Yangi Urgench shahrida  Xorazm Radiokomitet okrugi tashkil etildi.

 1940 yilda katta quvvatli 1-chi radiostansiya asosida Toshkent RA va RE  direksiyasi tashkil etildi hamda ushbu direksiya  1941 yil 27 martda O’zbekiston RA va RE direksiyasiga aylantirildi.

Radio xizmatidan  keng ko’lamda foydalanish  imkoniyatlari  katta obektlar “Langar” kanali, Katta Farg’ona kanali qurilishida o’z samarasini berdi. 1940 yilning oxirlariga kelib, O’zbekistonda radionuqtalarning soni 72 mingtaga yetdi.

1941-1945 yillardagi urush davrida radiostansiya jamoasi  radioaloqa va radioeshittirish uskunalarining uzluksiz ishlashini ta`minlash uchun  juda katta hissa qo’shdilar hamda xarbiy avtomashinalarni harakatdagi radiostansiyalar bilan ta`minladilar. Shuningdek, Moskva shahrida qurilayotgan katta quvvatli radiostansiyasi qurilishida ishtirok etdilar.

O’zbekiston SRI (SSR) Vazirlar Kengashining ( Sovet Ministrov) 1946 yil 3 oktyabrdagi Qaroriga binoan, Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi O’rta-Ovul mavzesida katta quvvatli  radiotarqatish stansiyasini  qurish uchun 87,92 gektar yer ajratildi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Qurilish ishlari quruvchilar va kelajakda radiostansiyada ishlaydigan  xodimlari uchun  kompleks  yashash  poselkasini qurishdan boshlandi.  Shuningdek, bir vaqtda ikkita mustaqil ishlaydigan 6kvoltli elektruzatgich Bo’zsoy kaskad GESning 14-chi va 18-chi bo’linmalari o’rnatildi. 1949 yil dekabr oyida yuqoridagi obektlardagi  qurish-montaj va moslashtirish ishlari yakunlandi va  1950 yil 1 yanvardan  boshlab, katta quvvatli  RV-154 , 150 kvtli, uzun to’lqinli diapazon bilan ishlatishga  mo’ljallangan radiotarqatish  uzatgichini qurish ishlari boshlandi. Antennalar ikkita 240 metr balandlikka mo’ljallangan  metall machta bilan qurildi. Mazkur radiostansiya orqali berilayotgan birinchi dasturni Respublika radiotarqatish korxonasi tomonidan O’zbekiston hududiga (Buxorogacha) va chegaradosh respublikalarga ham tarqatish imkoniyatlari yaratildi.

Teletarqatish tarmog’ining (televideniya)  rivojlanishi

1907 yilda Peterburg texnologiya instituti  professori B.L.Rozing “elektr teleskopi” bilan juda ham qiziqib, tasvirni ekran orqali ko’rinish prinsiplarini o’zlashtirdi. 1911 yil 9 mayda elektron nurli trubka ekraniga  ko’chmas panjara  ko’rinishi tushirildi.

Keyinchalik televidenie sohasining rivojlanishi Toshkent shahri bilan bog’liq bo’ldi. O’rta Osiyo Davlat universiteti laboranti  Boris Pavlovich Grabovskiy harakatlangan  tasvirdagi televizion apparatlar ixtiro qilish bo’yicha ishlar olib bordi. U injenerlar V.I.Popov va N.G. Piskunovlar bilan hamkorlikda ”radiotelefot” konstruksiya apparatini ishlab chiqdi va 1925 yil 9 noyabrda unga 4899 sonli buyurtma guvohnomasi hamda keyinroq 5592 sonli patent berildi. Bu barcha zamonaviy televidenielarga o’rnatilgan  asosiy  elementlar to’plami loyihasi edi.

Lekin o’sha vaqtlardagi moliyaviy holatlar, yordamchi apparatura va uskunalarning yetishmasligi “radio orqali ko’rish” bo’yicha olib borilayotgan ishlarni davom ettirish imkoniyatlarini bermadi.

Shunda B.P.Grabovskiyning yordamchisi I.F.Belyanskiy yordam so’rab, Respublika Raxbariyatiga murojaat qildi. Respublika raxbariyati ixtirochilarga kerakli  e`tibor bilan qarab, ularga yetarli darajada  mablag’ ajratdi. Toshkent korxona va laboratoriyalariga televizion uskunalar uchun buyurtma  berish uchun katta va keng  yo’l ochildi. Buyurtmalar Ilich nomidagi Toshkent zavodi metallistlari, universitet mutaxassislari va O’rta Osiyo aloqa Okrugi  ustaxonasi chilangarlari tomonidan bajarildi.

“Tashgestrama” korxonasi  konstruktori Vizgalin, injener-energetik Kopilovskiy ham shu ishlarda ishtirok etdilar.

“Telefot” ning rasmiy sinovi – zamonaviy televizorlar dodasining  sinovi – 1928 yil 26 iyulda aloqa okrugi binosida O’rta Osiyo Davlat universiteti profesori N.N.Zlatovracskiy boshchiligidagi komissiya ishtirokida bo’lib o’tdi. Bu marosim muvaffaqiyatli o’tdi- birinchi marotaba harakatdagi odam tasviri ko’rsatildi. 1928 yil 4 avgustda “telefot” ko’rsatuvlari  Toshkent shahrining Alisher Navoiy ko’chasida ko’rsatildi, ekranda  harakatlanayotgan tramvay tasviri bor edi.

“Telefot” tizimi takomillashib, sohaning boshqa variantlari, loyihalari va chizmalari paydo bo’la boshladi.  Hozirgi kundagi zamonaviy televizorlarni, avvalgi vaqtlardagilarga  nisbatan mukammal darajada  olib chiqish uchun olimlar, konstruktorlar va injenerlar tomonidan barcha kerakli ishlar amalga oshirildi.

O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tashkilotlarining hozirgi kungacha rivojlanishi haqidagi ma`lumotlar tashkilotlarning rasmiy saytlarida berilgan.