S A R H I S O B

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi”ning 2013 yildagi faoliyati to’g’risida

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” 2008 yilda tashkil etilgandan buyon soha korxonalari hamda mobil aloqa kompaniyalari tomonidan ko’rsatiladigan homiylik yordami hisobidan faoliyat yuritib kelmoqda.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi”ning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:

-         O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish sohasining yaratilish tarixini, rivojlanishi va taraqqiyotini nafaqat O’zbekiston Respublikasida, balki butun jahonga targ’ib qiluvchi soha muzeylarini va ularning hududiy filiallarini tashkil etish, qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish, ular faoliyatlarini yo’lga qo’yish;

-         mamlakatimizda pochta, telefon-telegraf, radio aloqa, radio eshittirish va televideniye xizmatlarining tashkil etilishi hamda rivojlanish bosqichlarini keng ommaga yetkazish;

-         muzeylarda saqlanib kelinayotgan sohaga oid noyob va nodir eksponatlarni avaylab-asrash, o’rganish, boyitib borish va targ’ib qilish;

-         Ta`sischilar va Vasiylik kengashi azolarining homiyligi ko’magida saqlanayotgan soha tarixiga oid muzeybop materiallar, hujjatlar, axborotlar, ma`lumotlar, ko’rgazmalar va eksponatlarni targ’ib qilish maqsadida turli tadbirlar tashkil etish.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” o’z maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, 2013 yil davomida amalga oshirilgan chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

Jamoat fondi tomonidan soha faoliyatiga doir 40 dan ziyod yirik anjuman, press-konferensiya, taqdimot va boshqa turli yig’ilishlar yuqori saviyada o’tkazildi. Jumladan:

- 14 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Amerika Qo’shma SHtatlari aloqa ma`muriyati vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi;

- 23-24 yanvarda “Koreya telekom” vakillarining “O’zbektelekom” AK mutaxassislari bilan uchrashuv;

- 30 yanvarda “e-Hujjat” elektron hujjat aylanish tizimining taqdimoti;

- 7 may – aloqachilarning kasb bayrami nishonlanishi munosabati bilan, mukofotlash marosimi bo’lib o’tdi;

- 30 mayda e-kommunal.uz  veb-sayti orqali olib borilayotgan ishlar hamda kommunal va obodonlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi;

- 13 iyunda “Elektron hukumat” tizimini joriy qilishda amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlar, jumladan, elektron hujjat aylanishini kuchaytirish, ixtisoslashtirilgan bo’linmalar tashkil qilish, davlat xizmatlarini  inventarizatsiyalash va interaktiv ko’rinishga o’tkazish” mavzuida seminar;

- 12 iyulda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo’mitasining “Davlat hokimligi va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to’g’risida” mavzuida muloqot;

- 13 avgustda “2013 domen UZ” press-konferensiyasi;

- 5 sentyabrda  Butun Jahon banki assotsiatsiyasining seminar yig’ilishi;

- 23 sentyabrda an`anaviy tarzda AKT haftaligi doirasida o’tkazilgan press-konferensiya.

O’tkazilgan tadbirlarning aksariyati Respublikada kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada  rivojlantirish bo’yicha sohaga doir asosiy voqealarga bag’ishlangandir.

SHuningdek, tasdiqlangan reja-jadvallar asosida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor–o’qituvchilari ishtirokida Muzeyning anjumanlar zalida hamda ekskursiya davomida talabalar uchun turli mavzularda seminar-o’qishlar o’tkazilib kelinmoqda.

“Aloqa tarixi muzeyi” O’zbekistonning nufuzli muzeylari qatoridan munosib o’rin egallab, ochilishidan to hozirgi kungacha bo’lgan davr mobaynida muzeyga tashrif buyuruvchilar soni 2013 yil yakuni bo’yicha  50 mingga yetdi, yil davomida 14 318 tashrifchilarga xizmat ko’rsatildi.

Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar soni 7136 donani tashkil etmoqda. Muzeyda saqlanayotgan va namoyishga qo’yilgan muzey kolleksiyalari va eksponatlariga SKM-muzey avtomatlashtirilgan dasturi asosida 5 mingdan ortiq elektron pasportlar yaratildi.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” boshchiligida har yili kamida uchta yangi ekspozitsiya yaratiladi. Jumladan, 2013 yilda:

-         “Pochta otkritkalari va varaqchalari” ekspozitsiyasi;

-          XX asrda muomalada bo’lgan 35 dona telegrammadan iborat ekspozitsiya;

-          1918 yildan boshlab bugungi kunga qadar bo’lgan davrni o’z ichiga olgan “Soha rahbarlari” ekspozitsiyasi yaratilib, muzeyga tashrif buyuruvchilar e`tiboriga havola etildi.

-         Ikkinchi va uchinchi qavat oralig’idagi devorga, soha tarixi va rivojlanishiga bag’ishlangan panno joylashtirildi.

SHuningdek, Jamoat fondi hamda muzey hodimlari tomonidan tinimsiz ravishda izlanishlar olib borilib, bir necha yangi zamonaviy ekspozitsiya yaratish boshlab yuborilagan va muzeyni takomillashtirish bo’yicha 2014 yil uchun mo’ljallangan reja-dasturga kiritilgan.

Bulardan, XX asrda ishlab chiqarilgan 15 dona noyob radioqabulqilgichlardan iborat to’plam kolleksioner V.Kortunov tomonidan muzeyga topshirilgan eksponatdan tashkil topgan ekspozitsiya yaratish bo’yicha dizayn ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu dizaynga muvofiq ekspozitsiya yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Muzeyning asosiy kirish qismiga eski va zamonaviy ko’rinishdagi soha rivojlanish tarixini aks ettiruvchi slaydlar joylashtirilib, yangi ekspozitsiya yaratish ishlari davom etmoqda.

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi “Yoshlar saroyi” binosida joylashgan P.Grabovskiy va I.Belyanskiylarning “Elektron televideniye” ekspozitsiyasi saroy rahbariyati bilan kelishilgan holda muzey tasarrufiga o’tkazildi.

Shu bilan birga, yil davomida ommaviy axborot vositalari (Infocom.UZ jurnali)da “Aloqa tarixi muzeyi” rukni ostida soha tarixiga oid maqolalar chop etildi.

Muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun o’zbek, rus va ingliz tilida ekskursiyalar tashkil etilmoqda.

Jamoat fondining yana bir muhim vazifalaridan biri Respublika bo’ylab soha muzeylarini yaratish va mavjud muzeylarni takomillashtirish yuzasidan Xorazm viloyatida joylashgan Xiva aloqa tarixi muzeyi rekonstruksiya qilinib, muzey binosi qayta ta`mirlanib, barcha ekspozitsiyalar hozirgi zamon talablariga to’liq javob beradigan qilib tashkil etildi hamda Toshkentdagi “Aloqa tarixi muzeyi” saqlovi zahirasidan 45 xildagi 82 dona noyob eksponatlar yuborildi. Xiva aloqa tarixi muzeyi hozirda muhtasham va ko’hna binoda zamonaviy va qiziqarli ekspozitsiyalarga boy muzey bo’lib, muzeyning tantanali ochilish marosimi o’tkazilgadan so’ng, tashrif buyuruvchilarning hayratiga sabab bo’lishi shubhasizdir.

Jamoat fondi boshchiligida “Aloqa tarixi muzeyi” Respublikamizdagi ko’zga ko’ringan muzeylar qatorida muntazam ravishda nufuzli ko’rgazma va yarmarakalarda qatnashib kelmoqda.

Bulardan, ananaviy “Ipak yo’lidagi turizm” 19-Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida o’z eksponatlari bilan ishtirok etib, bir qator chet el delegatsiyalari qiziqishlariga sabab bo’ldi.

Uch kun davomida o’tgan yarmarka doirasida O’zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Ispaniya, Rossiya, Tailand, Fransiya, Xitoy, Chexiya, Sloveniya, Shveytsariya, Vetnam, Turkiya, Turkmaniston, Xindiston kabi ko’plab mamlakatlardan yetti yuzdan ortiq firma va kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Yarmarkada tashkil etilgan ekspozitsiyamizga qiziqish bildirgan chet ellik mehmonlar muzeyga tashrif buyurib, rus va ingliz tilida olib borilgan ekskursiyadan mamnun bo’lib, mehmonlar kitobiga o’zlarining iliq fikrlarini Jamoat fondi hamda Muzey ma`muriyatiga bildirib o’tdilar.

“Aloqa tarixi muzeyi” faoliyati bilan Internet orqali ham tanishish imkoniyati mavjud. Bu borada muzey bo’ylab yaratilgan Virtual tur muzey veb-saytiga joylashtirildi. Shu bilan birga, “Aloqa tarixi muzeyi” to’g’risidagi ma`lumotlar, muzeyda o’tkazilgan tadbirlar, o’quv seminarlar, turli yo’nalishlardagi yig’ilishlar to’g’risidagi yangiliklar ham saytga muntazam joylashtirilib borilmoqda.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” o’z harajatlarini Vasiylik kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan smeta harajatlari asosida amalga oshiradi.

Jamoat fondiga 2013 yilda soha korxona va tashkilotlari hamda mobil aloqa kompaniyalari tomonidan jami 398,0 million so’m miqdorida homiylik yordami ko’rsatildi.

2013 yil uchun tasdiqlangan smeta harajatlaridan, haqiqatda jami 359,2 million so’m mablag’ sarflandi. Bundan, ekspozitsiya va stendlarni yaratish, yangilashga 14,5 million so’m, Fond va muzeyning boshqa harajatlari uchun 299,9 million so’m, ekspluatatsiya harajatlari 9,6 million so’mni tashkil etdi.

Jamoat fondi ma`muriy harajatlarining jami summasi fondning barcha harajatlari summasining yigirma foizidan oshmagan.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” har chorak yakuni bo’yicha Vasiylik kengashi azolariga bajarilgan ishlar, amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda sarflangan harajatlar to’g’risida ma`lumot berib boradi.

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” o’z Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga asosan, hamda  O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi qarorlari, buyruq va farmoyishlariga asosan faoliyat yuritadi.